Sahifamizda Muhammad Yusuf sherlari. Ona haqida, Vatanim sheri, Iqror, Ustoz haqida Muhammad Yusuf sherlari to’plami
Muhammad Yusuf sherlari.
Adabiyotimizning oltin xazinasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shoirlarimizdan biri — Muhammad Yusufdir. Uning she’rlari xalqona ohangda, samimiy va tushunarli bo‘lgani uchun har bir o‘quvchi qalbidan joy oladi. Shoirning ijodi Vatan, xalq, ona til va mehr-muhabbat mavzularida yaratilganligi bilan millionlab kitobxonlarni o‘ziga rom etgan.
Muhammad Yusuf (1954–2001) — O‘zbekiston xalq shoiri. U Andijon viloyatida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Dastlabki she’rlari 1970-yillarda matbuotda bosilgan. Uning she’riy to‘plamlari — “Bulbulga bir gapim bor”, “Yurakni yondirgan qo‘shiqlar”, “Iltijo”, “Vatanim” va boshqa ko‘plab kitoblari adabiyot ixlosmandlari tomonidan iliq kutib olingan. Shoirning “Ona tilim”, “Vatan”, “O‘zbekiston” haqidagi she’rlari yosh avlod qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Muhammad Yusuf she’rlari o‘z xalqiga, Vataniga mehr qo‘ygan insonning yurak qo‘shiqlaridir. Bugungi kunda ham ularning ohangi, samimiyligi va xalqona ruhi hech qachon eskirmaydi.
O’zbekning ayollari.
Uxlamaydi tunlari,
Oy nurlari taralgan.
Oʻzbekning xotinlari
Farzand uchun yaralgan.
Yildan uzun kunlari,
Kim koʻnglini soʻrolgan.
Oʻzbekning xotinlari
Mehnat uchun yaralgan.
Qirq yil qirgʻin boʻlsa ham,
Oʻz ahdida turolgan.
Oʻzbekning xotinlari
Toqat uchun yaralgan.
Oʻt oldidan sal nari
Qachon kokil oʻrolgan.
Oʻzbekning xotinlari
Iffat uchun yaralgan…
Oʻzbekning ayollari,
Oʻzbekning xotinlari,
Suvdan halol,
Guldan pok,
Qoʻllari oltinlari,
Qay tomonga bursa yuz,
Yoʻllari oltinlari –
Izzat uchun yaralgan!
Iqror sheri.
O, ota makonim.
Onajon o‘lkam,
O’zbekiston, jonim to‘shay
soyangga.
Senday mehribon yo‘q,
Seningdek ko‘rkam.
Rimni alishmasman
bedapoyangta.
Bir go‘sha suv bo‘lsa, bir go‘sha
qirlar,
Qancha yurtni ko‘rdim, qancha
taqdirlar.
Qayga borsam suyab, boshni tik
tut deb,
Tog‘laring ortimdan ergashib
yurar.
Ko‘rdim suluvlarning eng
faranglarin.
Yo xudbinman men yo bir sodda
kasman men –
Parijning eng go‘zal
restoranlarin, B
itta tandiringga alishmasman
men.
Na gapga ko‘nayin,
Na til bilayin,
Ko‘zdan uyqu qochdi, dildan
halovat –
Uch kunda sog‘insam nima
qilayin,
Chala qolar bo‘ldi hamma
sayohat.
Bildimki, baridan ulug‘im o‘zing,
Bildimki, yaqini shu tuproq
menga.
Bahorda Baxmalda tug‘ilgan
qo‘zing,
Arab ohusidan azizroq menga.
Sen bilan o‘tgan har kun bayram
– bazm,
Sensiz bir on qolsam vahmim
keladi.
Seni bilganlarga qilaman ta’zim,
Seni bilmaslarga rahmim keladi.
Oddiy muallim – Muhammad Yusuf sheri.
Qadri bilinadi endi menga goh,
Olis maktabimning o’sha behasham…
Navoiy-ku bizga ustozdir, biroq
Kimdir o’qitgan-ku Navoiyni ham.
Shunday buyuk zotga harf o’rgatgan kim?…
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.
Tuproqdek xokisor, bezovta jonlar,
Ammo qanoatda tog’dek ulug’vor,
Hatto Temurdayin Sohibqironlar
Pirim deb, etagin o’pgan zotlar bor.
Qaysar Jahongirga yo’l ko’rsatgan kim?..
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.
Yo’qdan Beruniylar binolar qilgan,
Mashrabni mashhuri dunyolar qilgan.
Husaynni – Ibn Sinolar qilgan,
Abdulloning tilin burrolar qilgan,
Ilon o’ynatgandek so’z o’ynatgan kim?…
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.
Lekin bu hayot nish-sanchiqlaridan,
Qoqinsa ko’targan qo’ltiqlaridan,
Otadek ezilgan g’ussaga botsa,
Boladek quvongan yutuqlaridan,
Uyquda shogirdin o’ylab yotgan kim?…
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.
Ulfat ko’p-u, ammo bir do’sti hamroh-
Halim topolmadim undan halimroq,
Qancha ustoz ko’rdim, qancha oliygoh,
Olim topolmadim undan olimroq.
Bola yuragimda bebaho tilsim-
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.
Yuzga kiraman men, Xudo xohlasa,
Yuz yildan keyin bir mo’min o’rtog’im,
Ko’zim yopib qo’ysa, jag’im bog’lasa,
So’ngra safar sari otlangan chog’im,
Faqat bir kimsadan bo’ladi qarzim,
Oddiy muallim-da, oddiy muallim!
Vatanim sheri Muhammad Yusuf.
Men dunyoni nima qildim,
O‘zing yorug‘ jahonim,
O‘zim xoqon,
O‘zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg‘izim,
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vataiim…
Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o‘zing mehri —
Ilig‘imsan, Vatanim.
Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirni duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko‘ringan da’vo qilgan,
Ming bir yog‘i ochilmagan
Qo‘rig‘imsan, Vatanim.
Sen Xo‘jandsan,
Chingizlarga
Darbozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig‘i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko‘rgan cho‘pon
Cho‘lig‘imsan, Vatanim.
Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda, Jaloliddin —
Kurdistonda, Boburing — Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig‘ deb,
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to‘qson olti Urug‘imsan, Vatanim…
O‘g‘lim, desang osmonlarga
G‘irot bo‘lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo‘lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib Ulug‘beging quchgayman,
G‘ichir-g‘ichir tishimdagi So‘lig‘imsan, Vatanim…
O‘tgan kuning — o‘tgan kundir,
O‘z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo‘lin bog‘lab,
Dilin dog‘lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug‘imsan, Vatanim.
Yoningda qon yig‘lagan bir
Shoiringga qarab qo‘y,
Gar Qo‘qonga yo‘ling tushsa,
Detdomlarni so‘rab qo‘y.
Hech bo‘lmasa Usmon xokin
Keltirmoqqa yarab qo‘y,
Olislarda yuqurib qolgan Qudug‘imsan, Vatanim…
Sen — shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O‘g‘lim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo‘ynimdagi iftixorim, Bo‘ynimdagi tumorim,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim!
Men na boyvachchaman.
Men na boyvachchaman,
Men na sultonman,
G‘arib bir onaga g‘arib o‘g‘lonman.
Agar sen yer bo‘lsang, men undan xoksor,
Agar sen sher bo‘lsang — men xam arslonman.
Kundayin yillarim o‘tar tizilib,
Bir boshga bir o‘lim turar suzilib,
Bo‘ynim egilguncha ketsin uzilib,
Oriyat yo‘lida ko‘ksi qalqonman.
Boringda soyangga sajda etarlar,
Noningni yeb, qo‘ling tishlab ketarlar.
Yo‘g‘ingda ko‘z qoqmay tashlab ketarlar,
Do‘st degandan ozor topgan insonman.
Qumga to‘lib qolgan gavhari ko‘zim,
Gohi tushunmasman o‘zimga o‘zim.
Xudo bor-ku deyman, o‘ksinma,
Azim, Tokay bu dunyoda yuragi qonman.
Degaylar yolg‘izga xudoyimdir yor,
Bu dunyoda beklar, u dunyoda xor.
O‘zimdan xam sodda bolalarim bor,
Bo‘ta yetaklagan og‘ir karvonman!..
Ota – Muhammad Yusuf xotirasiga atab she’r.
Madina Muhammad (Yusupova)
Kuzak keldi, sarigʻ tortdi yaproqlar,
Dunyoni bir ajib sirlar soʻroqlar.
Koʻnglimni kuydirib oʻtar firoqlar,
Diydor qiyomatga qoldimi, OTA?
Yashash xiyonatmi omonat jonga,
Umringni ulasa soʻngsiz armonga.
Bir savol oʻrmalab kiradi qonga,
Diydor qiyomatga qoldimi, OTA?
Qanotsiz qushdayin men holi zabun,
Sizga mahtalligim ortar kunma kun.
Har ikki dunyoning sogʻinchi uchun
Diydor qiyomatga qoldimi, OTA?
Bisotim soʻz mening. Taskin tasalli,
Hayollaringizda boʻlsam aqalli,
Kelmaysizmi bizni baxtli etgani,
Diydor qiyomatga qoldimi, OTA?
Barcha fanlardan 9-10-11-sinf 1-bosqich olimpiada savollari 2025
Shoirlar sheri.
Shoirlar – kuygan ko‘ngillar nolasi,
G‘arib onalarning g‘arib bolasi.
Jami buyuklarni buyugi ular,
Jami bechoralar ham bechorasi…
Shoirlar – ohular o‘tar dalasi,
Dardli ko‘ngillarning dardli qal’asi.
Ular goh bir og‘iz shirin so‘z quli,
Gah dunyoni olar bir iborasi.
Ular kulbasidan do‘zax bir qadam,
Jannat ular ikki qoshin orasi…
Men bittadurman.
Sanam, sochingdan ham shaydolaring ko‘p,
Husning oshiqlari – adolaring ko‘p.
Nimang ko‘p, ko‘yingda gadolaring ko‘p,
Ammo men bittaman, men bittadurman.
Bek yigit bir sening poyingda xorman,
Garchi diydoringga mushtoqu zorman,
Men beun sevarman, men jim sevarman,
Qiyomatgacha shul sukutdadurman.
Deydilar: muhabbat bilmas masofa,
Ayriliqni pisand qilmas masofa.
Kelursan o‘zing deb bir kun insofa –
Gohi Toshkent, gohi Urgutdadurman.
Tiling bilmasam ham tushungandayman,
Sen bilan gohi do‘st tutingandayman.
Gohi bu do‘stlikdan o‘kingandayman,
Ming bir xayol ichra ming bittadurman.
Suymoq – bu gulxanda kuymoq azali,
Men shahar erkasi, sen tog‘ гўзали.
Eslab yur yodingga tushgan mahali –
Shaydolaring ko‘pu, men bittadurman!..
Kumush haqida – Muhammad Yusuf.
Marg‘ilonda Kumushni ko‘rdim,
Ko‘ziga yosh to‘lib turibdi.
Sochlarini maydalab o‘rib,
Otabekni izlab yuribdi.
Tongda turib qalam qoshiga
O‘sma qo‘ygan ekan-quribdi.
Ko‘zdan oqqan achchiq yoshiga,
O‘smasini yuvib turibdi…
Meni bir o‘y qiynaydi yomon,
Yana yurak o‘nadi yomon.
Qo‘yvor zamin, qo‘yvor osmon,
Men uyimga yetaman qachon?
Uchib keldim uyimga omon,
Beshyog‘ochda gullabdi o‘rik…
Toshkentga qiz berma, Marg‘ilon-
Qodiriy yo‘q, Zaynablar tirik.
Yur muhabbat ketdik bu yerdan.
Oy yuzidan nur yog‘di sim-sim,
Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan.
Shirin tushlar ko‘rsin sevgilim,
Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan…
Biz ketsak yer kengayib qolar,
Osmonlar ham enkayib qolar.
Bir qora ko‘z jilmayib qolar,
Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan…
Na qildim, ey yuzlari zebo,
Aybim na deb so‘rama aslo.
Bu dunyo shundayin bevafo,
Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan…
Sevgi dilda yashnagan chechak,
U biz bilan qayda yashasak.
Ne qipdi bir qizga yoqmasak?
Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan!
Faqat qiyin bo‘ldi sho‘rlik yurakka…
Mensiz ham kunlaring o‘tmoqda, erkam,
Qayga qo‘l uzatsang yetmoqda, erkam,
Yurishlaring qaysi malikadan kam,
Faqat qiyin bo‘ldi sho‘rlik yurakka…
Mening ham hajringda yonganim yolg‘on,
Yasharman o‘zimcha, saroyda sulton.
Go‘yoki yo‘q mendan baxtli bir inson,
Zo‘rlik bo‘lsa bo‘ldi zo‘rlik yurakka.
Endi ko‘rishib ham ko‘rishmasmiz biz,
Go‘yo men yot yigit, sen begona qiz,
Na qo‘llar titramas, na qizarmas yuz,
Evoh, bu qandayin xo‘rlik yurakka!
Qoshing o‘sma o‘psin, ko‘zingni surma,
Buni taqdir derlar, yor, labni burma,
Eslama, eslatib tushimga kirma,
Jonimni rishtalab ming bir bo‘lakka.
Garchi bo‘lmasam ham u kun to‘yingda,
Yoningda yoru men bo‘ldim o‘yingda,
Alpomish o‘g‘illar o‘stir uyingda,
Muhammading qurbon shu bir tilakka!
Tunda she’r aytishdik kapalak bilan,
Yalpizni alqadim,
Gulni alqadim.
Yonimga sudralib kelib bir ilon
Koʼzoynak ostidan boqdi.
Payqadim.
__________________________________
Quvdi yolgʼiz oʼshal hamxonamni u,
Quvdi parilarni quvgan kabi dev.
Hurkitib yuborib parvonamni u
Bo’ynimga oʻralib oldi:
Meni sev!..
__________________________________
Chimzor.
Chimildiqda sovuq yor quchdim,
Poʼstin gilam qilib mehrobga qoqdi.
Koʼzimni chirt yumib
Kechalari jim,
Men uni oʼpganda –
U meni chaqdi.
__________________________________
Chaqdi.
Chaqaverdi zahri soʼnguncha.
Chaqdi goh bilagim,
Goh yuragimni.
U qancha chaqsa men tirildim shuncha.
Shuncha eslayverdim kapalagimni!..
__________________________________
Oʼtmishni unutdim bir tushda goʼyo,
Oʼshal chimzordagi koshonamni ham.
Ilon malikadan qutuldim,
Ammo,
Endi topolmasman parvonamni ham.
Endi seni izlab qaydan toparman…
Muhabbatim, qaydasan qalb ardog’im,
Jayron ko’zim, qirlarda qolgan ohum.
Qo’lim tegmay to’kilgan qizg’aldog’im,
Endi seni izlab qaydan toparman…
Kelar bo’lsang, yo’lingga gul to’shardim,
Sen Layliga, men Majnunga o’xshardim,
Bu dunyoda hijron yo’q deb yashardim,
Endi seni izlab qaydan toparman…
Tushlarimda yig’larsan goh bag’ri qon,
Ohlaringdan dud chiqib osmon-osmon,
Menga senu senga men bo’ldik armon,
Endi seni izlab qaydan toparman…
Qizlar qo’shig’i – Muhammad Yusuf sheri.
Qiz yo’q uyda sarrin sabo esmaydi,
Qiz yo’q uyda jambil-rayhon o’smaydi.
O’g’illarning ota bilan ishi yo’q,
Qiz otasin har qadamga eslaydi.
Ko’zlariga surgay yurgan izingiz,
Qay o’g’ildan kamdir, ayting, qizingiz.
Qiz yo’q uyda tonglar erta otmaydi,
Tomda oftob, ayvonda oy yotmaydi.
O’g’il qanday do’st bo’ladi, bilmadim,
Qiz do’st bo’lsa siringizni sotmaydi.
Og’ir kunda jovdiratmas ko’zingiz,
Qay o’g’ildan kamdir, ayting, qizingiz.
Umr daryo, tolega kim kafildir,
Qizning borar joyi bo’lak sohildir.
Qiz dardiga yetmaganlar g’ofildir,
Qiz bor uyda yorug’ bo’lgay yuzingiz,
Qay o’g’ildan kamdir, ayting, qizingiz…
Dunyo ko’rki – shu ko’zlari shahlolar,
Qizlar bilan chamanzordir sahrolar.
Bir qayrilib Qaysni Majnun aylagan,
Tohirlarni Tohir qilgan-Zuhrolar.
Qiz tufayli butdir rizq-u ro’zingiz,
Qay o’g’ildan kamdir, ayting, qizingiz…
Ayting, kimning paymonasi to’lmagan,
Qiz bor-ota yot bag’rida o’lmagan.
O’g’lim yo’q deb o’kinganlar-johillar,
Hatto Muhammadning o’g’li bo’lmagan!..
Bilib ayting aytganda har so’zingiz,
Qay o’g’ildan kamdir, ayting, qizingiz?!
Do’ppi.
Do‘ppi kiymay qo‘ydi odamlar,
Bir shoir, bir nosirdan boshqa.
Sochlar silliq,
Silliq qadamlar,
U og‘irlik qilyapti boshga…
Rost do‘ppilar,
Yolg‘on do‘ppilar,
Kinolarda qolg‘on do‘ppilar.
Chust do‘ppilar,
Anjon do‘ppilar,
Munchoqdek Marg‘ilon do‘ppilar…
Do‘ppi kiymay qo‘ydi odamlar,
Bir shoir, bir nosirdan o‘zga,
Men ham sizga berdim savollar,
Shlyapamni bostirib ko‘zga.
Do‘ppi kiymay qo‘ydi odamlar,
Ko‘ngil esa ko‘rmoq tusaydi.
Madaniyat gullagan damlar,
Kallaga e’tibor susaydi.
Do‘ppi kiymay qo‘ydi odamlar,
Na uyda va na ko‘chada.
Mirtemirlar, G‘afur G‘ulomlar
Yechgan do‘ppi qoldi tokchada…
Bu qandayin ko‘rgulik savdo,
Do‘ppi kiymay qo‘ydi xaloyiq.
Boshga loyiq do‘ppi yo‘qdir yo —
Bosh qolmadi do‘ppiga loyiq.
Shukur deysan sen qachon.
Ta’magirni tortqilab,
Nafsi qo‘ymas deydilar.
Nokas o‘zi to‘ysa ham,
Ko‘zi to‘ymas deydilar.
Boq bir yorug‘ olamga
Kimlar zo‘rg‘a kun ko‘rar.
Odamlar bor, bog‘dagi
Bulbuldan ham pul so‘rar.
Yolg‘on dunyo – bu dunyo,
Arzon dunyo – bu dunyo.
Ne-ne hokim, beklardan
Qolgan dunyo – bu dunyo.
Kiprikdan ham qisqadir
Mol-u dunyo yo‘llari.
Ibrat bo‘lsin Iskandar
Ochiq ketgan qo‘llari!
Uzat deysan, ber deysan,
Hech qo‘ymading odamzod.
Tuya to‘ydi, fil to‘ydi,
Sen to‘ymading, odamzod.
Shukur qilar hattoki
Qumursqa-parrandalar.
Shukur deysan sen qachon,
Xom sut yemgan bandalar?
Bu uch kunlik dunyoda
Savlatingga kerilma.
Qasr qurma, bog‘ qoldir,
Davlatingga kerilma.
O‘z elingni qaqshatsang,
Xor bo‘lasan o‘zing ham.
Bir kun shu el mehriga
Zor bo‘lasan o‘zing ham!
Dilbarimsiz.
Dunyolardan tilab olgan dilbarimsiz,
Ko’ksimda gul, ko’klarimda hulkarimsiz.
Ko’zimdan yosh oqqanlari-oqqan meni,
Qiyo boqmay yoqqaningiz-yoqqan meni.
Yuzi jannat bog’laridan nishona qiz,
Nima desam, so’zlarimga ishonasiz?
Bir qayriling, sizdan dunyo so’rarmidim,
Yoqtirmasam, bog’ingizga bo’ylarmidim.
Qochmang mendan misli o’tdan qochgan kabi,
Sizni suyib, sizga yomon so’zlarmidim.
Ayriliqning qora kun-u tuni qursin,
Chehrangizda tong tabassum qilib tursin.
Erkalasam, erkalabman xolos, sizni,
Yomon o’yda qo’l uzatsam, qo’lim sinsin.
Erkalasam, erkalashni bilarman-da,
Nari borsa, sochingizni silarman-da.
Hali sizga qo’lim tegmay qochmang, yorim,
Bir erkalik qilsam endi qilarman-da.
Yuzi jannat bog’laridan nishona qiz,
Nima desam, so’zlarimga ishonasiz?..
Zaynab qo’shig’i!
Tengim boshqa dedi yor,
Topdim desam tengimni.
Marg’ilonlik bir dildor,
Tortib oldi begimni.
Kulgu ketmay ko’zimdan,
Oqar bo’ldi ko’zyoshim.
Ko’z – ko’z qilib baxtini,
Yoqar bo’ldi kundoshim.
Nima bo’ldi bek yigit,
Bekangizga qarash yo’q?
Kumushdan ming o’rgulib,
Zaynabdan xol sorash yo’q.
Taqdir derdim, shum taqdir,
Ko’nglim ko’nsa – kuymasdim.
Begim, sizni men axir,
Kumushdan kam suymasdim.
Qolsam – dardim bir dunyo,
Ketsam – bir uy ko’chim bor.
Kumushoyni keltirgan,
Aravada o’chim bor.
Urush bo’lmasin.
Dunyo-dunyo bo‘lib yaraldi qachon,
Hayot ohanglari taraldi qachon,
Zulmat yorug‘likni ko‘roldi qachon?..
Olam nurga to‘lsin, urush bo‘lmasin.
Bahor kelganini bilmasam mayli,
Qirlarda lolalar termasam mayli,
Yulduzdek charaqlab yurmasam mayli,
Inson iqboliga xuruj bo‘lmasin.
Balki umrim uzun, balki qisqadir,
Mayli bilmay huzur , halovat nadur,
Mayli bu olamda topmasam qadr,
Hayot chamanida so‘lish bo‘lmasin…
Nahot g‘anim bilsa odam-odamni,
Kuydirib kul qilsa yorug‘ olamni,
Men kimga ishondim yolg‘iz bolamni?..
Nima bo‘lsa bo‘lsin,urush bo‘lmasin!
Obodlik xodimlari.
Sen ishga borasan, issiq ustibosh…
Ikki qo’ling solib ikki cho’ntakka.
Dunyoni suv bossa ne g’am deydilar,
Azal-azaldan beg’am o’rdakka…
Yarmi kech, yarmi erta uyg’onar shahar,
Yo’lga otlanadi ochib ko’zini.
Ularchi quyoshdek turib tong-sahar,
Nur sochib pardozlar yurtning yuzini.
Qo’llari muzlagan supurgi ushlab,
Izg’irin, yomg’irli yo qorli damlar.
Vazifasin bajarar yurakdan ishlab,
Katta mehnat qilgan – «kichik odamlar»…
Oylikmi ?.. Oyligin so’rama, uyat,
Vatan pokligidir – uning boyligi.
Ko’nglida obodlik – ne’mat, qadriyat,
Shukronalik hissi – topgan oyligi.
Bog’ning bog’boni – u, o’zbek otasi,
Yo’l, zamin qurar ko’zqoralariga.
Mehnatdan oqargan ro’zg’or kosasi,
Halol luqma yedirar bolalariga.
Biri gul ekadi, biri dil ekar,
Xudo yor, mehridan ko’karar ko’chat.
Beqadr qilmagin qalbiga tegar,
Xizmati tufayli tozadir ko’cha…
Ko’rasan, atrofing gulzordir, go’zal,
Changdan holi maktab, sinf, ishxona.
Tafakkur, hurmat-la qaragin, o’shal,
Farrosh ham odam, kimgadir – ONA.
Ular kurashadi tabiat uchun,
El koriga yarar, ko’zin yoshlama.
Zararing tegmasin jamiyat uchun,
Har yerga chiqindi, g’ubor tashlama.
Xizmat burchi, qahraton, kiyingan yupun,
Xastalik ko’rmasin issiq jonlari.
Obodlik xodimlari darkor yurt uchun,
Xalqimiz, davrimiz – QAHRAMONLARI..!
Lolaqizg’aldoq – Muhammad Yusuf she’ri.
Shavkat Raxmon xotirasiga bag’ishlanadi.
Mendan nima qolar:
Ikki misra she’r,
Ikki sandiq kitob,
Bir uyum tuproq.
Odamlar ortimdan
Nima desa der,
Men seni o’ylayman
O’zimdan ko’proq-
Lola, lolajonim,
Lolaqizg’aloq!
Men ketsam, yomondan
Yiroq bo’l, oxu,
Chunki sen chiroyli,
Ko’rkli bir juvon.
Yomon kunlar bir kun
Yaxshi bo’lar-u,
Yomon odam yaxshi
Bo’lmas hech qachon…
Yasha chegarada
Turgandek ogoh,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg’aldoq.
Uyda yotibman-u,
Sezib turibman,
Ko’kda ketayotir
Qushlar qaytishib.
Xayrlar yog’dirib
Qanotlaridan,
Xasta shoirga
Vido aytishib.
Bor, mening uchun ham
Ularga qo’l qoq-
Lola, lolajonim,
Lolaqizg’aldoq.
Ularni men yana
Ko’rarmanmi-a,
Ayvondan odamdek
Kuzatolmadim.
Kuz. To’ylar boshlandi.
Yuragim pora-
Bitta qizimni ham
Uzatolmadim…
Demak, taqdir ekan
To’y ko’rmay o’lmoq,
Lola, lolaginam,
Lolaqizg’aldoq.
Biroq ko’nglim sezar,
Mendan keyin ham,
Bir kun bu hovliga
Odam to’ladi.
Hali to’ylar qilib
Charchaysan, erkam,
Mening qizlarim
Eng baxtli bo’ladi!
Kelinlar ko’ylagi
Ruhimday oppoq-
Lola, lolajonim,
Lolaqizg’aldoq.
Gulim, yaqinroq kel,
Qara, ne savdo,
Bu ajib ishlarni
Dil lavhiga yoz:
Kimga qasr etmas
Kimga mol-dunyo,
Meng esa HAVO
Yetmaydi, xolos.
Tiriklar mudroqda,
O’liklar uyg’oq-
Lola, lolajonim,
Lolaqizg’aldoq.
Ko’ksim kuyib borar,
Ko’krak yonmoqda,
Ayting do’xtirlarga,
Yorishsa yorsin!
Jism o’z ulfati-
Jondan tonmoqda.
Bechora jon endi
Qayerga borsin.
Endi osmon yiroq,
Endi yer yumshoq-
Lola, lolajonim,
Lolaqizg’aldoq.
Buni hayot derlar,
Unutma aslo,
Bir kun ochilasan,
Bir kun so’lasan.
Qalbimda-ku faqat
Sen eding tanho,
Qabrim ustida ham
O’zing bo’lasan.
Sen bizning sevgidan
Xotira-bayroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg’aldoq.
Ayol qalbing bilan
Suv kech, olov kech,
G’am kelsa boshingdan
Hushing uchmasin.
Xudodan so’radim:
Mendan keyin hech,
Nomard kimsalarga
Ishing tushmasin.
Ularning qo’lida
Hamisha tuzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg’aldoq.
Ishing tushsa, inim
Muhammadga bor,
Shoirlar ichida
Ishonganim shu.
Biroz ichishini
Aytmasa agar,
Ko’ksi tiniq bola,
Halol bola u.
Faqat sal soddaroq,
Faqat sal yoshroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg’aldoq.
Jon so’nggi boshpana
Toparkan ongda,
U yurak ostida
Derdim men bo’lsam.
Ajablanma agar
Ertaga tongda
Seni o’pib, O’shni
Quchoqlab o’lsam!…
O’tinchim-tepamda
Yig’lama uzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg’aldoq.
Amir Temur
Samarqandda qoldi Bibixon,
Yo’llar qarab toldi Bibixon.
O’zbek — seni o’zbek qilguncha,
Qirq yil otdan tushmadi sulton.
Shoh deyilsa og’iz bo’shalar,
Kanizaklar qo’sha-qo’shalar.
Vatan poyin quchdi kechalar
Yor belidan quchmadi sulton.
Maqtov — manzil malomatlarga,
Shohni riyo yetaklar jarga.
Qayrilmadi hushomadlarga,
Yolg’onlarga uchmadi sulton.
Garchi imo qilsa — qilmayin
O’ttiz o’lka jilovda tayin.
Bir qultum ham manmanlik mayin
Tatimadi, ichmadi sulton.
Samarqandda qoldi Bibixon,
Yo’llar qarab toldi Bibixon.
O’zbek seni o’zbek qilguncha
Qancha daryo kechmadi sulton
Muhammad Yusuf sherlari Biz baxtli bo’lamiz.
Mayli-da, kimgadir
Yoqsa,
Yoqmasa,
Ularga qo’shilib
Yig’lasharmidik.
Biz baxtli bo’lamiz
Xudo hohlasa,
Xudo hohlamasa
Uchrasharmidik…
Rayhon hidlaringni
Yo’llarimga sep,
Kut meni,
Har oqshom,
Ko’kka oy chiqqan.
Faqat,
Yig’lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing —
Onang seni
Chiroyli tuqqan!..
Menga
Bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring
Sohillaridan.
O’zing ayt,
Senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun —
Kokillaridan?…
Iymanib yashama
Hayol pinjida,
Yoyil,
Yayra jonim,
O’rtanma g’amda.
G’iybatlarga chida,
Tuxmatka chida,
Sen bittasan, axir
Yorug’ olamda.
Men esa
Oshig’ing sening —
Eng g’arib.
Tundan so’z
Qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham
Seni ahtarib
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.
Ista,
Tiz cho’kaman
Hozir oldingda,
Sevdim,
Sevganimdan
Uyalmoq nechun
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!..
Biz baxtli bo’lamiz
Xudo hohlasa
Xudo hohlamasa
Uchrasharmidik?!
Onamning poyidan pastdir bu dunyo
Har qadam oq olar boshdagi tola.
Bazan shod ko’rindim goh chekdim nola.
O’zimcha hali ham bolaman-bola.
Goh yolg’on gohida rostdir bu dyunyo.
Onamning poyidan pastdir bu dunyo …
Yugurib har yona bahtni izladim.
Yerdan izlolmay ko’kni ko’zladim.
Qo’shiqlar kuyladim ko’p bor bo’lzadim.
Topgan shuhratidan mastdir bu dunyo.
Onamning poyidan pastdir bu dunyo …
Dunyo dunyoyingdan ko’rmadim vafo.
Vafo qilmagaydir zarbobu-zardo.
Qabrga kuzatar bir qarich mato.
Cho’ksang yopishmoqqa hastdir bu dunyo.
Onamning poyidan pastdir bu dunyo …
Dunyoni boshingdan balandga qo’yib.
O’zing turgan shoxga olovlar qo’yib.
Yig’lasang foyda yo’q so’ng to’yib-to’yib.
O’zicha osmonga mosdir bu dunyo.
Onamning poyidan pastdir bu dunyo …
Qosh ko’zin maqtadim tannoz sanamning.
Mehrini sezmadim biron odamning.
Xabarin olmadim sho’rlik onamning.
Shundayin betayin kasdir bu dunyo.
Onamning poyidan pastdir bu dunyo …
Menga nasihatlar o’qima ey do’st.
Rosting yo’q yolg’onlar to’qma ey do’st.
Do’stligin besh kunda yoqdiya ey do’st.
Nag’malar qilmoqqa asdir bu dunyo.
Onamning poyidan pastdir bu dunyo ..
Bolalik she’ri.
Goho men ham o’yga tolaman
Varaqlab suratlarimni.
Bolaligim qumsab, seni
Qumsab bola paytlarimni…
Eslab bir-bir hech kim bilmas,
Gunohlarim, ayiblarimni.
Teraklarni tanasida
Qolib ketgan baytlarimni.
Aytolmasdan bir kimsaga,
Yurakdagi dardlarimni.
Yalinganim senga do’stim,
Jon do’stim, sen ayt…larimni…
Jim qolaman egib boshim,
Egib mag’rur qadlarimni.
Keyin bir qiz o’qimasdan
Yirtib tashlar hatlarimni…
Jayron.
Qon yig’latdi qaysi bag’ritosh,
Jayron, nega ko’zing to’la yosh?
Oyog’ingga qo’yib yotay bosh,
Jayron, nega ko’zing to’la yosh?..
Yurak qoning to’kilgan so’qmoq,
Bag’ri alvon lolaqizg’aldoq.
Senga toshlar otdi qay gumroh,
Jayron, nega ko’zing to’la yosh?..
Zor yig’lading buncha ham hayhot,
Menda ham bir sendagi sayyod…
Ey beozor, ey mo’min jonzot,
Jayron, nega ko’zing to’la yosh?..
Bu dunyoning nokaslari bor,
Ezgulikni ko’rolmaydilar.
Meni ham qon qildilar ular,
Jayron, nega ko’zing to’la yosh?..
Labim bilan yarang silayman,
Senga dardi shifo tilayman,
Kel, tug’ishgan og’ang bo’lay man,
Jayron, nega ko’zing to’la yosh?..
Kechikish.
Ko’krak to’la orzuyu tashvish
Paykalda ham hosilimiz mo’l.
Yashayapmiz bizlar yozu qish
Yumushlardan bo’shamaydi qo’l.
Noshukurman nolisam biroq
Hech kimsadan kamim yo’q axir,
Faqat seni sog’inib goh-goh
Yig’lab meni qon qildi kampir.
Tushunmayin qoldim qandaydir
Toshmehrroq chiqding o’zing ham.
Bizni eslab har zamonda bir
Hat yozob ham qo’ymaysan, bo’tam…
Shaxar yoqdan kim kelsa, bari
To’tidek bir so’zni qaytarar:
Ko’roshmadik o’g’lingiz balki
Kelib qolar, deydi zang’arlar.
Yaxshi bo’ldi kelganing ammo
Zap vaqtida kelding bu safar,
Mahallada yalla avjida,
Ayni to’ylar boshlangan mahal.
Mana kecha, oti nimaydi
Saltanatning kenja qizini.
Esim qursin, yodda turmaydi,
Bor ediyu sochi uzuni —
Biz kuyovga uzatdik shuni…
To’yi to’kin o’tdiyu, lekin
Kuyoviga qizgina tushkur
Ko’ngilsizrow ekanmi, qaydam,
Ko’p yig’ladi, deb keldi kampir.
Kim biladi, balki shundaydir,
Yanglishgandur balki kampirim,
Bari kelon yig’laydi, axir,
Yeg’lamasdan erga tekkan kim?
Bu gaplarni qo’ya turay, kel,
Bo’talpg’im, o’zingdan gapir.
Zilzilalar unut bo’lib, el,
Shaxar endi tinchib qolgandir?
…Mexr to’la nigohi bilan,
Bobom mendan jimkutar javob.
Bilsa ekan, tushunsa ekan,
Nevarasi ne ko’yda shu tob!
Bilmaydi, eh bobom bilmaydi,
Men, men, axir sevardim uni!
Saltanatning oti nimaydi
O’sha sochi uzun qizini…
Men dardimni kimga aytaman?
Samarqandga borsam men agar,
Ulug‘bekni ko‘rib qaytaman.
U qon yig‘lab turar har safar,
Men dardimni kimga aytaman?
Bag‘rimda bo‘y yetgan bo‘z bolam,
Mergan bolam, lochin ko‘z bolam,
Bo‘gzimga tig‘ urgan o‘z bolam,
Men dardimni kimga aytaman?
Sezmay qoldim o‘shanda chog‘im,
Yulduzlarda ekan nigohim.
Bilmadim, ne edi gunohim,
Men dardimni kimga aytaman?
Qancha g‘amga botmagan edim,
Qancha og‘u yutmagan edim,
O‘z bolamdan kutmagan edim,
Men dardimni kimga aytaman?
Tanim muzlab, goh tosh qotaman,
Men shoh emas, axir otaman.
Go‘rimda ham o‘ylab yotaman,
Men dardimni kimga aytaman?
Samarqandga borsam men agar,
Ulug‘bekni ko‘rmay kelmayman.
U qon yig‘lab turar har safar,
Men kimga aytishni bilmayman.
Ayt she’ri.
Gulday umring kulday toʻzib ketmoqda,
Kimni kutib yoshing qirqdan oʻtmoqda.
Yolgʻizmisan endi sen bu chorboqda,
Endi yoʻqlab kelmasmu u aldagan?..
Oʻt ham oʻsar bir-biriga suykalib,
Sen na yorsan, sen na tulsan, ey gʻarib.
Hech boʻlmasa koʻngil uchun axtarib,
Bir bor kelsa boʻlmasmu u aldagan?..
Ochil gulim, ayt oʻzimga dardingni,
Gulfurushlar qaydan bilsin qadringni.
Yomgʻirman deb yuzing silab, bargingni
Toʻkib ketgan doʻlmasmu u aldagan?..
Ne munchoq, u tengi yoʻqdir, tizimsiz,
Ne olchoq u, ruhi jonsiz – jismsiz.
Yillar bilan ich-ichingga ismsiz
Choʻkib ketgan koʻlmasmu u aldagan…
Gulday umring kulday toʻzib ketmoqda,
Kimni kutib yoshing qirqdan oʻtmoqda.
Yelkangdagi yetti qator sirtmoqda
Osilibgina oʻlmasmu u aldagan…








