Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun! insho.
I. Kirish qismi:
– “Vatan”, “millat” va “xalq” tushunchalarining inson hayotidagi o‘rni
– Shiorning mazmuni va ahamiyati
II. Asosiy qism:
-
Vatan uchun yashash va xizmat qilish
– Vatan muqaddasligi
– Vatan uchun fidokorlik misollari -
Millatga sadoqat va milliy qadriyatlar
– Til, tarix, madaniyat
– Millat sha’nini yuksaltirishda har bir kishining roli -
Xalq manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yish
– Xalq bilan bog‘liq xizmat sohalari
– Fidoyi insonlar – xalq xizmatida
Har bir inson hayotida yuksak qadriyatlar bo‘ladi. Ayrimlar uchun bu – oila, boshqalar uchun – orzu, ba’zilar uchun esa – ona zamin. Ammo biz, O‘zbekiston yoshlari uchun, “Vatan, millat, xalq” tushunchalari eng muqaddas tushunchalardir. Ular yillar osha boyib, ezgulik timsoliga aylangan, endi esa bizning hayotiy shiorimiz bo‘lib xizmat qilmoqda: “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!”
Vatan – bu biz nafas olayotgan havo, bosib yurgan tuproq, bag‘rida ulg‘ayayotgan el. Vatan uchun yashash – uning tinchligini saqlash, taraqqiyotiga hissa qo‘shish, uni sevish va himoya qilish deganidir. Bugungi tinch-osuda hayotimiz ortida minglab fidoyilar – harbiylar, o‘qituvchilar, olimlar, dehqonlar mehnati yotibdi. Ular hech ikkilanmasdan: “Vatan uchun!” deya fidokorlik qilmoqdalar. Shunday insonlardan o‘rnak olish, biz yoshlarning ham burchidir.
Millat esa – bizning ildizimiz, o‘zligimiz, ma’naviy asosimizdir. Har bir millat o‘z tili, madaniyati, tarixi va qadriyatlari bilan taniladi. O‘zbek millati bugun dunyo tan olgan xalqdir. Bu millat buyuk allomalarni, jasur sarkardalarni, halol va fidoyi insonlarni yetishtirgan. Biz ham ajdodlarimiz yo‘lini davom ettirib, millatimiz sha’nini munosib himoya qilishimiz kerak.
Xalq – bu jamiyatning yuragi, hayot manbai. Xalq dardi bilan yashash, uning quvonchi bilan quvonish – eng oliy insoniy fazilatdir. Har bir kasb egasi, agar ishini chin dildan bajarsa, aslida xalq xizmatida bo‘ladi. O‘qituvchi – xalqning kelajagini tarbiyalaydi, shifokor – uning sog‘lig‘ini asraydi, dehqon – non beradi. Shunday ekan, har bir inson o‘z joyida xalq uchun mehnat qilsa, jamiyat taraqqiy etadi.
Xulosa qilib aytganda, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan shior – bizning hayotiy yo‘limizni yoritib turuvchi nurli mash’aladir. Ushbu shiorni yuragimizga muhrlab, har bir qadamimizni shu mas’uliyat bilan bosishimiz kerak. Biz – Yangi O‘zbekiston yoshlari, kelajakka mas’ulmiz. Shunday ekan, har birimiz Vatan, millat va xalq oldidagi burchimizni sidqidildan bajarishga intilishimiz lozim.









